MAQOLALARNI RASMIYLASHTIRISH QOIDALARI

  1. Maqola matni A4 formatidagi varaqda yozilgan bo‘lib, unda quyidagi qoidalarga rioya etilgan bo‘lishi lozim: qatorlar oralig‘i – 1,5 interval; yuqori va pastki hoshiya 2 sm, satr boshi: chap tomondan 3 sm, o‘ng tomondan 2 sm; xatboshilar orasidagi oraliq – 5 yoki 6 belgili. Maqola matnini Misrosoft Word matnli redaktorida Times New Roman, 14 o‘lchamli shriftida yozish talab etiladi.
  2. Rasmlar, jadvallar matn orasida keltirilishi lozim. Matndagi jadval, rasmlar tegishli ravishda belgilangan, jadvallarga qisqartirilmagan holda sarlavha bilan yozilishi lozim.
  3. Rasm yoki fotosuratlar Word grafik muharririda chizilgan yoki skanerlangan bo‘lishi, rasm yoki fotosuratlarning pastki qismida sarlavhasi va son bilan belgilangan bo‘lishi lozim.
  4. Matndagi formulalar aniq holda ko‘rsatilgan, nomerlagan bo‘lishi lozim
  5. Matnda keltirilgan barcha o‘lcham va kattaliklar tegishli ravishda xalqaro o‘lchov birliklar tizimiga mos kelishi shart.
  6. Maqolaning birinchi betida yuqori chap tarafida UO‘K (UDK) keltiriladi, so‘ngra bosh harflar bilan yarim qora shriftda o‘rtada muallif(lar) ning ism-sharifi, familiyasi yozilib, keyingi qatorda maqola mavzusi yoziladi, mavzu oxirida nuqta qo‘yilmaydi. So‘ngra 2 intervaldan keyin 3 tilda (o‘zbek, rus va ingliz tillarida) 7 qatordan kam bo‘lmagan annotatsiya va kamida 10 ta atamali kalit so‘zlar kursiv shaklida yozishi talab yetiladi. Keyin 2 intervaldan so‘ng oddiy shriftda maqola matni keltiriladi.
  7. Maqola birinchi betining yuqori qismida muallif to‘g‘risida ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak (ismi-sharifi (otasining ismi bilan), ish joyi va lavozimi, ilmiy darajasi va unvoni, e-mail va telefon raqamlari
  8. Maqola xalqaro standartlar talabi doirasidagi quyidagi aniq bandlarga ega bo‘lishi lozim:

– Maqola mavzusi (Title). Maqola mavzusi, imkon qadar, qisqa va lo‘nda ko‘rinishda shakllantirilgan bo‘lib, maqolaning tadqiqot yo‘nalishini aniq ifoda etishi lozim. Sarlavha o‘zbek, rus hamda ingliz tillarida taqdim etilishi kerak.

– Maqola annotatsiyaci (Abstract). Maqolalarning qisqacha mazmuni (annotatsiyasi) 5 qatordan kam, 15 qatordan oshmagan holda o‘zbek, rus va ingliz tillarida beriladi. Unda tadqiqot muammosi, uning dolzarbligi, tadqiqot muammosini ochib berish uchun qo‘llanilgan metodologiya, tadqiqot natijalari, maqolaning to‘la mazmunidan kelib chiqqan holda, muallifning ilmiy va amaliy hissasi qisqacha bayon qilinadi.

– Tayanch (kalit) so‘zlar (Key words). Maqola mazmuni va maqsadini eng qisqa mazmunda ochib beruvchi kalit so‘zlar hisoblanadi. Kalit so‘zlarning har biri asosiy matn tarkibida ko‘proq takrorlanishi tavsiya etiladi. Maqola kalit so‘zlari o‘zbek, rus hamda ingliz tillarida taqdim etilishi kerak.

– Kirish (Introduction) Kirish qismida, asosan, tadqiqot muammosi, uning maqsad va vazifalari yoritiladi. Mazkur qism tadqiqot mavzusining tanlanish asosi, uning dolzarbligi va ilmiy ahamiyatini tushuntirib beradi.

– Mavzuga oid adabiyotlar tahlili (Literature review). Mavzuga oid adabiyotlar tahlili tadqiq etilayotgan muammo yuzasidan muallifning bilim va tasavvurlarga ega ekanini namoyon etuvchi qism hisoblanadi. Adabiyotlar tahlili mavjud intellektual hudud doirasini baholash va shu asosda ma’lum xarita yaratishni anglatadi. Adabiyotlarning tanqidiy tahlilidagi urinishlar mazkur mavzu doirasidagi bilimlarni kuchaytiradi va tadqiqot savollarini yanada oydinlashtirishga yordam beradi. O‘z mazmuniga ko‘ra, har qanday tadqiqot ayni shu sohada yaratilgan avvalgi bilimlar negiziga quriladi.

– Tadqiqot metodologiyasi (Research Methodology). Tadqiqot metodologiyasi tadqiqotning eng muhim qismlaridan biri bo‘lib, u o‘tkazilayotgan tadqiqotning umumiy xaritasi, tadqiqot yo‘li va manzilga (natijaga) olib boruvchi xaritaviy chizgilari hisoblanadi. Tadqiqot metodologiyasi tadqiqot falsafasi va yo‘nalishini (deduksion yoki induksion) belgilash, tadqiqot dizayni, ya’ni tadqiqot muammosining yechimiga olib boruvchi bosh rejasini tuzish, tadqiqot uchun zarur axborotni olish yo‘llari va tadqiqot etikasini belgilash, tadqiqot obyektining tanlovi (sampling), birlamchi yoki ikkilamchi ma’lumot manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarorlar, tadqiqot strategiyasini (kuzatish, eksperiment, keys-stadi, savolnoma, etnografik, arxiv tadqiqot va h.k.) aniqlash bo‘yicha ratsional qaror qabul qilish asosida qo‘yilgan muammoning aniq yechimiga olib chiquvchi yo‘lni belgilashni anglatadi. Metodologiya qismining mukammalligi tadqiqot uchun belgilangan yo‘lning ishonchliligi (reliability) va aniqliligini (validity) asoslash orqali namoyon bo‘ladi.

– Tahlil va natijalar (Analysis and results). Tadqiqotning tahlil qismi tadqiqot metodologiyasida avvaldan belgilab olingan tahlil usullari orqali yig‘ilgan ma’lumotlarning tahlilini amalga oshiradi. Bunda faqatgina tahlil usulining natijalari ifoda etiladi, topilgan natijalar bo‘yicha muhokama maqolaning keyingi qismining vazifasi hisoblanadi.

– Xulosa va takliflar (Conclusion/Recommendations). Tadqiqotning maqsad, vazifalarining anglashilganligi hamda tadqiqot savollarining o‘z javobini topganligi, tadqiqotning asosiy natijalariga va tadqiqotning umumiy jarayoniga umumiy xulosalar, shu bilan birga, takliflar va ayni tadqiqotdan kelib chiqqan holda, kelajak tadqiqot ishi yo‘nalishlari maqola xulosa va takliflari qismining asosini tashkil etishi lozim.

– Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati (Reference). Ushbu qismda tadqiqotda foydalanilgan barcha adabiyotlarning ro‘yxati [1], [2] yoki [3] ketma-ketligida qo‘yiladi. Masalan:

– mualliflar ismi-sharifi, kitob nomi, nashr manzili nashriyot nomi, yili, betlari;

– mualliflar ismi-sharifi, maqola nomi, jurnal nomi, nashri, yili, soni, betlari.

Maqola matnida foydalanilgan adabiyotlardan olingan materialga havola (snoska) [1.25 – 26-b.] shaklida berilishi kerak.

  1. Maqola oxirida muallif(lar) tomonidan foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati keltiriladi. Matnda adabiyotlarga havola kvadrat qavslarga, masalan [1], olingan holda beriladi so‘ngra adabiyot muallifining familiyasi va initsiallari keltiriladi. Oxirida esa barchasi ajratiladigan nuqtalar bo‘yicha jurnal (monografiya, darslik, konferensiya to‘plami, dissertatsiya avtoreferati, patentlar) mavzusi so‘ngra (shahar, mamlakat, sana, betlar raqami) keltiriladi.
  2. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati tugaganidan keyin betning pastki chap tarafida muallif(lar) tomonidan taqdim qilingan tashkilot yoki institutning to‘liq nomi, pastki o‘ng tarafida esa maqola taqdim qilingan sana yoziladi.
  3. Jurnal tahririyatiga maqolaning asl nusxasi va elektron shaklda taqdim qilinadi
  4. Talablar asosida rasmiylashtirilmagan maqolalar tahririyat tomonidan qabul qilinmaydi va muallif(lar)ga qaytarilmaydi.